ChINGIZ AYTMATOV
ALVIDO, EY GULSARI
Qissa
Yozuvchi Chingiz Aytmatov oʻzining bu povestida Vatan urushidan
keyingi ogʻir yillarda qirgʻiz yilqichilari va choʻponlari – partiya
aʼzolarining qahramonona mehnatlarini tasvirlaydi.
Povestning bosh qahramoni Tanaboy yilqichilikdan choʻponlikka
oʻtganda falokatga yoʻliqadi. Vaqtida qoʻyxonalarni taʼmirlamagan,
pichan tayyorlamagan ferma mudirining kasofatidan bahorda sovliq
qoʻylar, qoʻzilar nobud boʻladi, lekin yuqori idoralarga joylashib
olgan byurokratlar hamma aybni choʻponga toʻnkaydilar. Tanaboy
partiyadan nohaq oʻchiriladi, lekin bu narsa choʻponning eʼtiqodini
susaytirmaydi, u haqiqiy kommunistligicha qoladi.
I
Eski aravani keksa bir kishi haydab borardi. Saman yoʻrgʻa –
Gulsari ham juda qari edi...
Yassi togʻlikka tinkani quritadigan uzoq yoʻl bilan chiqilardi.
Yaydoq Kulrang tepaliklarda qishda doim sovuq shamol yer yalab izgʻib
yurar, yozda esa tandirday qizib ketar edi.
Bu tepaliklar Tanaboy uchun jon azobi edi. U aravani sekin
haydashni istamasdi. Sekin yursa yuragi tars yorilib ketay derdi.
Yoshlik kezlari tuman markaziga tez-tez qatnab turishga toʻgʻri kelar,
uyga qaytishida u har gal otning boshini qoʻyib yuborib, toqqa
choptirib chiqib ketar, uni qamchi bilan ayovsiz savalardi. Agarda
hamrohlari bilan bir aravada ketayotgan boʻlsa, buning ustiga yana
aravaga hoʻkizlar qoʻshilgan boʻlsa bormi, yerga sakrab tushib, indamay
kiyimlarini olardida, yayov ketardi. Xuddi hujumga borayotganday
jon-jahdi bilan, qahr gʻazab bilan yurar va yassi togʻlik ustiga
koʻtarilgandagina toʻxtar edi. U yerda koʻksini toʻldirib-toʻldirib
nafas olib, pastda oʻrmalab kelayotgan ogʻir, katta aravani kutib
turardi. Tez yurganidan yuragi gupillab urar va koʻkragida sanchiq
turar edi. Har qalay hoʻkizlarning qadamiga qarab, imillab
kelgandan koʻra yaxshi-ku!
Rahmatli Choro baʼzan doʻstining bunday gʻalati qiliqlarini
koʻrib tegishishni yaxshi koʻrardi.
– Nega omading kelmaydi, bilasanmi, Tanaboy? - derdi u, -
besabrligingdan. Xudo haqqi. Senga qolsa hamma narsa tezroq,
darrov boʻla qolsa. Jahon revolyutsiyasi darhol boʻla qolsa!
Revolyutsiya u yoqda tursin, Aleksandrovkadan balandlikka
koʻtarilishga ham toqating yoʻq sening. Hamma odamlar aravada
xotirjamgina oʻtirib borishadi-yu, sen boʻlsang sakrab tushib, xuddi
orqangdan boʻrilar quvayotganday toqqa qarab yugurasan, xoʻsh, bundan
nima foyda koʻrasan? Hech narsa. Baribir tepada boshqalarni kutib
oʻtirasanku. Jahon revolyutsiyasiga ham bir oʻzing yeta olmaysan,
bilsang, boshqalarning ham tenglashib olishlarini kutasan.
Ammo bu bir zamonlardagi, uzoq oʻtmishdagi gap edi. Tanaboy bu
gal Aleksandrovkadagi balandlikdan qanday chiqib olganligini
sezmay ham qoldi. Qariganida, demak, koʻnikib qolibdi. Aravani tez
ham, sekin ham haydagani yoʻq. Otni oʻz holiga qoʻyib berdi. Endi u
doim yoʻlga yolgʻiz chiqardi. Oʻttizinchi yillarda bu yoʻllardan u bilan
birga shovqin solib yurgan bir toʻda yoshlarni endi qidirib topa
olmaysan. Biri urushda halok boʻlgan, biri oʻlgan, bitta yarimta tirik
qolganlarining ham kunlari sanogʻliq qolgan. Yoshlar esa
mashinalarda yurishadi. U bilan birga oriq qirchangʻi ot qoʻshilgan
aravada yurisharmidi.
Ahmad Hodiy Maqsudiy IBODATI ISLOMIYA ********************** BIRINCHI QISM Din...
Tog'ay Murodning nomini mashhur qilgan asari bu "Yulduzlar mangu yonadi" asari...
Hikoya jahon adabiyotining ham, zamonaviy o'zbek nasrining ham eng ixcham, dolzarb, hozirjavob...
LEV TOLSTOY HOJIMUROD Qissa Men uyga dala...
Assalomu Alaykum.Bizning aziz kitobxonlarimiz uchun navbatdagi ajoyib kitob. Siz ushbu kitobdan o’qir...
Assalomu Alaykum.Bizning aziz kitobxonlarimiz uchun navbatdagi ajoyib kitob. Siz ushbu kitobdan o’qir...
Created with AppPage.net
Similar Apps - visible in preview.